Welcome to Respublika o'rta tibbiyot va farmasevt xodimlar malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Samarqand hududiy bo'linmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Respublika o'rta tibbiyot va farmasevt xodimlar malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Samarqand hududiy bo'linmasi Powered By GSpeech

 

Mamlakatda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish borasida talay amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, tez tibbiy yordam tizimining transport, barcha tibbiyot muassasalarining dori-darmon ta'minoti sezilarli darajada ta'minlandi, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqi bosqichma-bosqich oshirilmoqda, oliy ta'lim muassasalariga maqsadli kvotalar belgilanmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Komiljon Ernazarov.

Shu bilan birga, sohada aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan, bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammo va masalalar ham mavjudligi hech kimga sir emas.O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 7 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida majburiy tibbiy sug‘urtalashni bosqichma-bosqich joriy etish, Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, 2019 yil 1 iyulga qadar “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishi belgilangan.

Hozirda ishlab chiqilgan “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamalari portaliga joylashtirilgan.

Majburiy sug‘urta deganda fuqarolarning aksariyati ko‘z oldida pulni yig‘ib olib, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda mijozga mablag‘larni to‘lab berish o‘rniga, hujjatbozlik bilan uni sarson qiluvchi, iloji boricha pul to‘lamaslik payida bo‘ladigan xatti-harakatlar manzarasi gavdalanadi.

Shu tufayli ham taklif etilayotgan majburiy tibbiy sug‘urtada aholidan majburiy ravishda pul yig‘iladimi, shundoq ham o‘z yechimini kutayotgan masalalari mavjud bo‘lgan tibbiyotimizni yana muammolar girdobiga g‘arq qilib qo‘ymaymizmi, bugungi kunda bunga tayyormizmi, degan ko‘plab savollar ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy.

Ayni jihatdan kelib chiqib, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasida “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralar asosida muhokama etilmoqda.

Taklif etilayotgan majburiy tibbiy sug‘urta tizimida aholidan umuman pul yig‘ilmaydi, balki barcha xarajatlar tashkil etilayotgan jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladi. Jamg‘armaning daromadlari manbasi sifatida davlat budjeti hamda aholining sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mahsulot (alkogol, tamaki va shu kabi) ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha ravishda to‘lovlar joriy qilish taklifi ilgari surilmoqda. Jamg‘armadan mablag‘larni to‘lash tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha «har bir davolangan holat» uchun to‘lash tizimida ishlash rejalashtirilmoqda. Sug‘urtalangan shaxslarga akkreditatsiyadan o‘tgan, u davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasi bo‘lishidan qat'i nazar, o‘zi xohlagan muassasaga murojaat qilish imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Majburiy tibbiy sug‘urtani birdaniga butun mamlakat bo‘ylab joriy qilish emas, balki, avval Sirdaryo viloyatida eksperiment tariqasida joriy etish, uning natijalaridan kelib chiqib, boshqa hududlarga ham ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

Yuqoridagilar bilan birgalikda, taklif etilayotgan qonun loyihasida ayrim kamchiliklar ham mavjud. Unda ko‘plab masalalarga aniqlik kiritilmagan. Masalan, loyihada tibbiy sug‘urta doirasida kafolatlangan tibbiy yordam hajmi, fuqarolarning bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladigan toifalariga nisbatan tibbiy sug‘urta shartlari qanday qo‘llanilishi, majburiy tibbiy sug‘urtaga jalb etilmagan aholiga qanday tibbiy yordam ko‘rsatilishi, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatlari qay darajada qamrab olinishi kabi masalalar yetarlicha ochib berilmagan. Mazkur holatlar qonun loyihasini qabul qilgandan so‘ng bir nechta qonunosti hujjatlarini qabul qilishni talab etadi. Shu bois, loyihani norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, maromiga yetkazish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlash bo‘yicha hali ancha ishlash talab etiladi.

Taklif etilayotgan majburiy tibbiy sug‘urta davlat xususiy sherikchiligini rivojlantirishga, davlat va xususiy tibbiyot o‘rtasida har bir mijoz uchun raqobatning kuchayishiga, “bizda bunaqa xizmat turi yo‘q” yoki “shifokor hozir yo‘q edi” kabi aholiga noqulayliklar keltirib chiqaruvchi sabab va bahonalarga chek qo‘yish, pirovardida, aholimizning barcha qatlamlarining yuqori malakali tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, deydi deputat.

SAMARQAND OB-HAVO

Tugmani bosing Tinglash